Hayot va inson falsafasi
Olam va odam falsafasi zamonlarning ham, makonlarning ham, insonlarning ham muammosi bo‘lib kelgan. Mag‘ribzaminu mashriqzamindan yetishib chiqqan barcha mutafakkirlar bu haqda bosh qotirishgan. O‘z mushohadalarini yozib qoldirishgan. Ana shulardan biri nemis faylasufi Fridrix Nitshedir. Uning qarashlari o‘zga zamondoshlarinikidan tubdan farq qilgan. U falsafiy qarashlarini badiiy talqinda ifoda etish salohiyati bilan o‘zgalardan ajralib turgan.
18 dekabr kuni institutimizning madaniyat saroyida navbatdagi “Ibratli Ijodkor Insonlar” ruknidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Uning mavzusi “Nitshe: Hayot va inson falsafasi” deb nomlangan bo‘lib ijodiy muloqotimiz mehmoni siyosiy fanlar doktori, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining professori, “Ijtimoiy fanlar” kafedrasining mudiri, Narzulla Qosimovich Jo‘raev bo‘ldilar.
Tadbirga moderatorlik qilgan ustoz Rahimboy Jumaniyozov siyosatshunos olim va pedagog Narzulla Qosimovich Jo‘raevni davra ahliga tanishtirdilar. Shuningdek, ustoz Narzulla Jo‘raev haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tdilar.
Keyin esa “Olam va odam talqinida” deb nomlangan videorolik namoyish etildi. Unda asosan “Avesto” haqida hamda Nitshening hayot va inson falsafasi haqida qisqacha ma’lumot berildi.
Moderator Narzulla Jo‘raevni sahnaga taklif qildi va mamnuniyat bilan ularga so‘z berdilar. Narzulla Jo‘raev Nitshening hayot va inson haqidagi qarashlarni ilmiy asosda tahlilsh nazaridan o‘tkazdi. Yangi va qiziqarli ma’lumotlar sodda tilda tushuntirib berilgani uchunmi talabalarni befarq qoldirmadi.
Tadbir so‘ngida talaba va professor o‘qituvchilar tomonidan berilgan savollarga Narzulla Jo‘raev aniq va to‘la javob qaytardi. Institutimiz rektori O‘ktam Pardaevich Umurzakov hurmatli mehmonga, ma’rifatparvar olimga professor-o‘qituvchilar, talaba va magistrantlar nomidan o‘zlarining samimiy minnatdorchiligini bildirdilar.
Nitshe ta’biricha, odamzotning shakllanish, ya’ni takomillashuv bosqichi quyidagicha yo‘sinda bo‘ladi.
Odam – A’lo odam – Oliy odam
Ya’ni, buni shunday tarzda ifodalash mumkin. Individ – Inson – Shaxs
Fridrix Nitsheda shunday bir qarash bo‘lgan. Odamzod o‘ziga nisbatan beshafqat bo‘lishi kerak. U o‘zining ehtiyojini to‘la qoplay boshlasa, tanballikni xush ko‘radigan bo‘lib qoladi. U yaratuvchanlikka intilib yashashi kerak.
Prezidentimiz ayni kunlarda bot-bot qo‘llaydigan bir ibora bor. Bu “o‘zni qiynash”dir. O‘zini qiynamagan insonda vatan tuyg‘usi va oila qayg‘usi ham bo‘lmaydi. Unda vatan taqdiriga, yurt qismatiga daxldorlik tuyg‘usi bo‘lmas ekan, hech narsaga erisholmaydi, hayot lazzatini ham surolmaydi. O‘shanday insonlargina elu yurt manfaati, vatan ravnaqi yo‘lida jonini ayamasdan o‘zini qiynab, yonib-kuyib ishlashi mumkin.
Nitshe munofiq, ikkiyuzlamachi odamlardan nafratlangan. Ularga g‘azabnok ko‘z bilan qaragan. Keling, yaxshisi, Nitshe va Narzulla Jo‘raevning bir-birini quvvatlovchi falsafiy fikrlarini keltiraylik.
Narzullo Jo‘raevning ushbu mulohazalari uning “Taxayyul, tasavvur, tafakkur” nomli kitobidan o‘rin olgan.
N.Jo‘raev: Nitshe g‘oyalari serqirra, o‘ta isyonkor, o‘ta haroratli, o‘ta jozibador. U har qanday inson qalbini junbishga keltiradi. Shu bilan birga favqulodda katta va qudratli ta’sir kuchiga ega. Uning o‘zining so‘zi bilan aytganda “dinamit” g‘oyalar. Darhaqiqat, Nitshe g‘oyalari taxayyuldagi dinamit, tasavvurdagi dinamit, tafakkurdagi dinamit.
F.Nitshe: Men sizlarga A’lo odam haqida ta’limot berajakman. A’lo odam zaminning mazmuni. Sizning irodangiz aytsin: “mayli, A’lo odam zaminning mazmuni bo‘lsin!” Birodarlarim, men Sizga iltijo qilib ayturman: zaminga sodiq bo‘lingiz…
F.Nitshe: “Ikki dunyodayam butni bilmaganga cherkovning nima hojati bor?”
N. Jo‘raev: Imoning sust bo‘lsa, machitga borib nima qilasan? Bandasiga-ku hunaringni ko‘rsatayapsan, endi Xudoni ixtiyoriga qo‘y! Hech bo‘lmasa Unga hiyonat qilma, munofiq bo‘lma!
F.Nitshe: “Doimo kuchlilarni kuchsizlardan himoya qilish lozim!”
N. Jo‘raev:Kuchlilar hamisha ozchilikni tashkil etadi. Kuchsizlar, ojizlar, ma’naviy zaiflar esa ko‘pchilikdan iborat. Har qanday sharoitda ko‘pchilik ozchilikni yengadi, g‘alaba qiladi. Ojizlar, notavon va noshudlar qumursqa misoli yopiriladi, talaydi. Oxir-oqibatda kuchlilarni abgor qiladi. Masalaning yana bir mantiqiy tomoni bor: kuchlilar o‘z kuchi va irodasiga ishonib, yakka-yakka tartibda yashashadi. Ojizlar esa birlashib, to‘da-to‘da bo‘lib, g‘uj yashashadi. Kuchlarni birlashtirishadi va oxir-oqibatda kuchlilardan ustun kelishadi.
N. Jo‘raev: Nitshe insonning ojizligi, noqobil va notavonligidan g‘azablanadi. Bundaylarni ivirsib yurgan mayda jonivorlarga, hasharotlarga qiyoslaydi. Ba’zan hissiyoti ko‘pirib, uni tahqirlaganday, kamsitganday bo‘ladi. Iztirobli nafrat bo‘hroniga, insonga qarshi isyonga aylanadi. Bu uning insonga nisbatan shafqatsizligidan emas, balki, uning taqdiri va kechmishiga befarq emasligidan, achinayotganidandir.
Tadbir ishtirokchilarning bilim qamrovini kengaytirish mazmunida ushbu ijodiy muloqot ko‘pchilikka manzur keldi va uzoq vaqt ularning yodida saqlanib qolishiga ishonchimiz komil.
“Gumanitar fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi Bahriddin Muqimov axboroti
Institut matbuot kotibi: Rahimboy Jumaniyozov